1993 yil 29 dekabrda Respublika Oliy Kengashi qaroriga muvofiq, 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligiga bag‘ishlangan “Milliy armiya — ona zaminimiz qalqoni, tinchligimiz va osoyishtaligimiz posboni!” nomli badiiy ko‘rgazmani tashkil etishga qaror qildi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston rassomlarining rangtasvir va grafika asarlari namoyish etilib, ularda buyuk sarkardalar — Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Spitamen hamda jadidlar harakati yetakchilari — Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosirlarning mardlik va vatanparvarlik ruhi aks ettirilgan.

Tomoshabinlar va poytaxt mehmonlari uchun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixiga nazar tashlash qiziqarli bo‘ladi, zero har bir inson — oddiy askardan tortib generalgacha, oddiy o‘qituvchidan ma’rifatparvargacha — Vatan posboni hisoblanadi.
Shuningdek, ekspozitsiyada Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi va K. Behzod nomidagi Sharq miniatura san’ati muzeyi fondlaridan olingan asarlar ham taqdim etilgan.
Mazkur ko‘rgazma 2026 yil 30 yanvargacha davom etadi.