III TOSHKENT XALQARO AMALIY SAN’AT BIENNALESI

biennale_dekor_prikladnoe_2021_bannerIII Toshkent Xalqaro amaliy san’at Biennalesi bu safar “Zamonaviy amaliy-bezak san’ati: bezak va uslub” mavzusida o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekistondan va 20 ta chet el davlatlaridan amaliy san’at ustalari, olimlar qatnashadilar.

biennale_dekor_prikladnoe_2021-1Tadbirlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Zamonaviy amaliy-bezak san’ati: bezak va uslub” nomli katta ko‘rgazma bilan boshlanadi. Unda tadbirga tashrif buyurgan o‘zbekistonlik va chet ellik ustalarning ijodiy ishlari, Biennalega pandemiya sababli xorijdan kela olmagan ustalarning asarlari proektor orqali slayd-shou ko‘rinishida namoyish qilinadi.

biennale_dekor_prikladnoe_2021-2Biennaleda qator ko‘rgazmalar, mahorat darslari, ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan:

  1. “Xattotlik, naqqoshlik, miniatyura: meros va zamonaviylik” nomli ko‘rgazma Kamoliddin Behzod noimidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida namoyish qilinadi. Ko‘rgazmada o‘zbekistonlik, eronlik rassomlar va xattotlar qatnashadilar. Bunda nafaqat an’anaviy miniatyurada ijod qilayotgan rassomlar, balki miniatyura an’analari asosida zamonaviy talqinda ijod qilayotgan amaliy san’at ustalari – gobelenchilarning ham zamoanviy intererlarga mo‘ljallangan san’at asarlari namoyish etiladi.
  2. “Zamonaviy amaliy-bezak san’atining badiiy tili” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston badiiy akademiyasining majlislar zalida o‘tkaziladi. Unda mahalliy va chet ellik olimlar qatnashadilar. Konferensiya ham oflayn, ham onlayn tarzda o‘tkaziladi. Unda zamonaviy amaliy-bezak san’atida kechayotgan jarayonlar, uslubiy izlanishlar, naqsh va bezak masalalari muhokama qilinadi.
  3. “O‘zbekiston amaliy-bezak san’ati tarixidan” nomli Toshkent fotografiya uyida namoyish qilinadigan ko‘rgazma O‘zbekiston kinofotofono hujjatlar Markaziy Arxivi materiallari asosida tashkil qilingan. 90ga yaqin oq-qora fotosuratlarda O‘zbekistonda ilgari ijod qilgan atoqli amaliy-bezak san’ati ustalarining suratlari namoyish qilinadi. Bu rasmlarning ko‘pi ilshgari nashr qilinmagan.
  4. Ikuyo Xiroyama nomidagi Xalqaro karvonsaroyda “Yaponiyaning zamonaviy amaliy-bezak san’ati”, “Zamonaviy ganchkorlik: toshkentlik ustalar ijodi” nomli ko‘rgazmalarda yapon qo‘g‘irchoq ustalarining, emal, zargarlik, to‘qimachilik ustalarining ijod namunalari namoyish etiladi. Toshkentlik ganchkorlarning ijodlaridan lavhalar, zamonaviy jarayonda ijod qilayotgan atoqli ustalarning fotosuratlari ham mazkur ko‘rgazmadan joy olgan.
  5. O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’at Galereyasida bir paytning o‘zida o‘chta ko‘rgazma ish boshlaydi: 1. “Loyda jilvalangan fantaziya”. 2. “Zamonaviy zargarlik san’ati: rivojlanish tamoyillari”. 3. “Zamonaviy san’atda badiiy hunarmandchilikning poetikasi”. Birinchisida, o‘zbekistonlik mashhur kulollarning yangi asarlari, ikkinchisida o‘zbekistonlik, tojikistonlik, shvetsiyalik, qozog‘istonlik zargarlarning asarlari namoyish etiladi, uchinchisida o‘zbekistonlik va avstraliyalik rassomlarning amaliy san’at an’analaridan ilhomlanib yaratgan loyihalari namoyish etiladi.

biennale_dekor_prikladnoe_2021-3Tadbirlar doirasida xorijiy mehmonlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qiladilar. Madaniy tadbirlar O‘zbekiston rassomlar uyushmasining Samarqand bo‘limi Galereyasi va “Chorsu” Galereyasida davom etadi.

biennale_dekor_prikladnoe_2021-5Tashkil qilinayotgan mahorat darslarini o‘zbekistonlik, avtraliyalik va rossiyalik amaliy san’at ustalari olib boradilar. Ularda amaliy-bezak san’atining yog‘och o‘ymakorligi, quroqchilik, miniatyura, xattotlik, kulolichlik sohalari bo‘yicha bilim va ko‘nikma beriladi. Tadbirlarni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining va Pavel Benkov nomidagi Respublika Ixtisoslashtirilgan bilim yurti talalarining modalar namoyishi yakunlaydi.