2025 yil 9 may kuni butun dunyo Ikkinchi Jahon Urushida G‘alabaning 80 yilligini nishonlaydi. Mazkur kun O‘zbekiston uchun ham muhim sanaladi. Respublikamizda mustaqillik yillarida “Xotira va Qadrlash kuni” dahshatli urush yillarining butun qiyinchiliklarini boshidan kechirgan insonlar xotirasiga to‘la ma’noda adolatni tiklagan ahamiyatli sanaga aylandi. Bu sanani nishonlar ekanmiz, barcha millatlar jangchilarining jangovar birodarliklari, tengi yo‘q jasoratlari va qahramonliklari, shuningdek kuchlari va hayotlarini ayamay erkinlik va mustaqillik yo‘lida kurashib, 1945 yilda butun dunyoni fashizmdan ozod qilganliklarini yodga olamiz.
1941-1945 yillar urushi jahon tarixida o‘n millionlab insonlar hayotini olib ketgan, mislsiz azob-uqubatlar keltirgan katta fojiaga aylangan.
Butun Ittifoqning barcha xalqlaridan eng yaxshi o‘g‘il va qizlari yelkama-elka fashistlarga qarshi kurashib, mehnat frontida barcha kuchlarini bag‘ishlagan xolda g‘alabani qo‘lga kiritganlar. O‘zbekistonning xalqi ham bunga o‘zining alohida hissasini qo‘shgan.
Ikkinchi Jahon urushida O‘zbekiston frontning orti bo‘lib, unda sobiq SSSRning okkupatsiya qilingan shahar va viloyatlaridan minglab qochoqlar boshpana topganlar, shuningdek yaradorlarga gospitallar, frontga chaqiriladiganlarni tayyorlash punktlari, yetim bolalar uchun mehribonlik uylari ochilgan, hujumga duchor bo‘lgan ko‘plar regionlardan zavodlar, fabrikalar, madaniy va badiiy muassasalar evakuatsiya qilingan. O‘zbekistonda 15 ta diviziya va brigadalar yig‘ilib, komplektlangan. Toshkentda joylashtirilgan harbiy bilim yurtlarida front uchun bir necha ming komandir va siyosiy hodimlar tayyorlangan. Urush arafasida O‘zbekistonda istiqomat qilgan 6,5 million kishidan 1,5 millioni frontga ketgan. O‘z uylariga, oilalariga 420 ming o‘zbekistonlik qaytib kelmagan, 640 mingtasi yarador bo‘lganlar. Urush yillarida 120 ming o‘zbekistonlik jangchilar orden va medallar bilan taqdirlanganlar. Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga O‘zbekistondan 280 kishi erishdilar, 82 ta jangchi “Shuhrat” ordenining to‘la kavaleriga aylandilar.
Urushning og‘ir sharoiti davrida misli ko‘rilmagan miqyosda tinch aholini boshqa joylarga ko‘chirish olib borilgan. Bu jarayon masshtabi tengi yo‘q edi. O‘zbekiston bu yerga evakuatsiya qilingan 1,5 million insonlarni o‘lim va ochlikdan qutqargan. Ulardan deyarli 300 mingtasi blokada Leningradidan, Belorussiya, Polsha va Ukrainadan olib chiqib ketilgan yetim bolalar bo‘lgan. Urush yillari davomida o‘zbek xalqi yaratuvchining barcha eng yaxshi jihatlarini namoyon qildi. Bu maskan yuz minglab insonlar uchun ikkinchi uyiga aylandi.
Urush yillarida respublikaning badiiy hayoti urush oqibatida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekistonning ko‘plab iqtidorli san’at ustalari, rassomlari frontga chaqirilgan yoki ko‘ngilli bo‘lib ketgan bo‘lsalarda faol va g‘ayratli bo‘ldi.
Badiiy jarayon asosan Toshkent va Samarqandda rivojlangan. Samarqand sobiq Sovet Ittifoqining yirik badiiy va ilmiy-tadqiqot markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda Butunrossiya badiiy Akademiyasi, V.I.Surikov nomidagi Moskva rassomlik instituti, Kiyev va Xarkov rassomlik institutlari joylashgan, mashhur rassom va san’atshunoslar mamlakatning yirik markazlaridan bu yerga evakuatsiya qilingan. Urushning mashaqqatli yillari bo‘lishiga qaramay, talabalar bu yerda akademik tayyorgarlikni o‘tib, asarlar yaratganlar va kelajakda mashhur san’at ustalari bo‘lib yetishib chiqqanlar.
Frontdan kelayotgan xabarlar ta’sirida rassomlar o‘z yurtni baholi qudrat himoya qilishga hissasini qo‘shish maqsadida, antifashizm mavzusi bilan yo‘g‘rilgan asarlar yaratib, ko‘rgazmalar tashkil qilganlar. Urush davrida 4 yil mobaynida Toshkentning o‘zida gospital, korxona, klublar va harbiy qismlarni hisobga olmaganda 25 badiiy ko‘rgazmalar ochilgan. Ushbu ko‘rgazmalarda Ural Tansikbayev, P.Benьkov, Z.Kovalevskaya, V.Ufimtsev, L.Abdullayev, A.Volkov, O.Tatevosyan, A.Abdullayev, B.Jukov, V.Rojdestvenskiy, N.Kashina, M.Arinin, M.Nabiyev, N.Karaxan, I.Ujinskiy, K.Cheprakov va boshqalar faol ishtirok etganlar, moskvalik, leningradlik, kiyevlik va o‘zbek rassomlarining hamkorlikdagi ko‘rgazmalari o‘tkazilgan. Mashhur san’at ustalari bilan bo‘lgan chambarchas aloqalardan o‘zbek ustalarining tajribalari ortib, mahorat maktabi mustahkamlanib bordi. “Barchasi front uchun–barchasi g‘alaba uchun”– asosiy mavzulardan bo‘lgan.
“Xotira va qadrlash kuni” arafasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida ochilayotgan ko‘rgazmada Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekistonning muhim ahamiyatini namoyon qiluvchi, muzey to‘plamlari va respublika arxividan olingan badiiy-hujjatli materiallar, qatnashchilar va ularning oila a’zolari shaxsiy to‘plamidan joy olgan 300 dan ortiq eksponatlar o‘rin olgan. Bular Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondidan olingan urush va urushdan keyingi rassomlarning rangtasvir, grafika, plakat va haykaltaroshlik asarlaridir. Ular orasida frontchi – rassomlar, rangtasvirchilar – sobiq sovet ittifoqi qahramoni Samig‘ Abdullayev, V.Goryainov, Viktor Yevenko, Mixail Yesin, Zokir Inog‘omov, Ivan Kochetov – Berlin qamali qatnashchisi, Vasiliy Lisov, Rafael Matevosyan, Vladimir Petrov – Stalingrad uchun jang qilgan, Anatoliy Stimban, Rostislav Suchkov, Georgiy Tkachev, Xikmat Raxmonov, Ilya Rubin va boshqa mashhur mo‘yqalam ustalari asarlarida urush yillari voqealari va qahramonlarini ifodalaganlar. Tomoshabinlar Vladimir Petrovning “Stalingrad kundaligi”, Vladimir Rojdestvenskiy, Igor Ujinskiy, Boris Jukov, Georgiy Karlovlarning urush yillaridagi bevosita taassurotlaridan yaratilgan noyob grafik ishlari; Anvar Balkanov va Nikolay Sherstnyovlarning urushdan keyingi plakatlari, shuningdek urush yillarida “O‘zTAG Oynasi” badiiy ustaxonalarda ishlagan Nadejda Kashina, Konstantin Cheprakov, Vladimir Rojdestvenskiy va boshqa ustalarning qayta tiklangan nodir plakatlarni bizga moskvalik galereyachi hamkasblarimiz taqdim qildilar. Ushbu ko‘rgazmada urushdan keyin ijod qilgan ko‘plab rassomlar, bizning zamondoshlarimiz L.Abdullayev, G.Abduraxmonov, R.Axmedov, R.Choriyev, Yu.Guseynov, V.Jdanov, D.Imamov, Yu.Strelьnikov, A.Perov, L.Reznikov, S.Raxmetov, A.Ikromjonov, A.Mirzayev, M.Toxtayev, Y.Tursunnazarov, A.Mamadjanov, M.Sadikov, A.Boymatov, A.Raxmatullayev, A.Shaymurodov va boshqalarni ko‘rish mumkin.
Badiiy materiallarga urush yillari fotoxronikasi va o‘sha davrga xos bo‘lgan musiqa hamrohlik qiladi.
Ko‘rgazma tashkilotchilari O‘zbekistonning yangi avlod vakillarini urush davri real voqeliklari bilan tanishtirgan holda, urush qiyinchiliklarini o‘z yelkalarida mardonavor ko‘targan, fashizm ustidan g‘alaba qozongan va insonlar ozodligi uchun jon fido qilgan o‘zbek harbiylari va mehnatkashlari Xotirasiga hurmat bajo keltiradi.