26-iyun kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida 2024 yil «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash»ga bag‘ishlangan “Navqiron O‘zbekiston” ijodkor yoshlar respublika amaliy sanʼat ko‘rgazma-tanlovi boshlandi.
Mamlakatimizda amaliy sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ijodiy faoliyatga keng jalb qilish, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, ko‘nikma va malakasini oshirish, innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
“Navqiron O‘zbekiston” ko‘rgazma tanlovining asosiy maqsad va vazifalari amaliy sanʼatning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va taʼsirini kuchaytirish, sanʼat olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular ijodini rivojlantirishga ko‘maklashish, yosh isteʼdod sohiblarini ro‘yobga chiqarish va ular bilan ishlash, ijodini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Ushbu ko‘rgazmada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan zamonaviy sanʼat asarlari yaratishda faollik ko‘rsatayotgan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaga respublikamizning barcha hududlaridan yuborilgan ijodiy ishlar Ishchi guruh tomonidan saralandi va ko‘rgazmada namoyish etishga tavsiya etildi.
Ko‘rgazmada 70 nafarga yaqin yosh isteʼdodlarning 200 dan ziyod amaliy sanʼatga oid ijodiy ishlari namoyish qilinadi. Ko‘rgazma haftaligi dasturida Markaziy ko‘rgazmalar zalining 1-2-qavatida respublika ko‘rgazma-tanlovi ishtirokchilarining ijodiy ishlari o‘rin oladi. Ikki kun davomida ijodkor yoshlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, taniqli ustalarning mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.
“Navqiron O‘zbekiston” ijodkor yoshlar respublika amaliy sanʼat ko‘rgazma-tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi joriy yilning 28-iyun kuni Markaziy koʼrgazmalar zalida bo‘lib o‘tadi.