2023 yil 3 may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida Muhammadiyor Toshmurotovning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “G‘ilon navolari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Rassomning ijodi O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liqdir. Shaxrisabzdagi uncha katta bo‘lmagan G‘ilon qishlog‘ining kundalik turmush tarzi, hayrotomuz ochiq chehrali va iste‘dodli insonlari rassom uchun ilhomlanish manbai, yangi asarlar yaratishda sababchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasida “G‘ilon” turkumi asarlari salmoqli o‘rin egallaydi (“Kuylayotgan tog‘lar”, “Oq G‘ilon”, “Suhbat”). Turin (Italiya)da bo‘lib o‘tgan shaxsiy ko‘rgazmasida ushbu turkumdagi asarlari san‘at ixlosmandlari va tanqidchilarining e‘tirofiga sazovar bo‘ldi. G‘ilon turkumidagi asarlari dunyoning 17 mamlakatida saqlanib kelmoqda.
Rassom rangtasvirning turli janrlarida ijod qiladi. Ko‘rgazmada turkum asarlar bilan bir qatorda portret va natyurmortlar ham o‘rin olgan.
Muhammadiyor Toshmurotovning har bir shaxsiy ko‘rgazmasi unung yangi qirralari kashfiyotidir, shu bois bu yil muallif akvarellarning butun bir turkumini ham taqdim etmoqda – manzaralar, animalistik janrda yaratgan asarlari rassomning yuksak mahorati va atrof olam go‘zalligi, shoirona hissiyotlari bilan uyg‘unlashgan.
M.Toshmurotov ijodida tabiat mavzusidagi asarlar alohida ahamiyat kasb etadi.“Ovchilar jamiyati”ning a‘zosi va ov ishqibozi bo‘lgan M.Toshmurotov “Ov” mavzusida turkum asarlar yaratdi, aniq va puxtalik bilan parrandalar olami, ov o‘ljalarini tasvirlaydi (“Yovvoyi qush”, “Ov o‘ljasi”, “Tuvaloq”).
Rassom asarlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, AQSH, Gretsiya, Italiya, Rossiyaning muzey va shaxsiy kollektsiyalarida saqlanmoqda.
Muhammadiyor Toshmurotov 1953 yil Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan.
1968 yildan 1973 yilgacha P. Benkov nomidag Respublika rassomlik bilim yurtida o‘qigan.
1979 yil A. Ostrovskiy nomli Toshkent teatr va rassomlik san‘ati institutini tamomlagan.
1979 yildan A. Ostrovskiy nomli Toshkent teatr va rassomlik san‘ati instituti “Rangtasvir” kafedrasi o‘qituvchisi.
1982 yilda O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a‘zosi.
2003 yil O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Kumush” medali bilan taqdirlangan.
2007 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibi.
2015 yil O‘zbekiston Respublikasi san‘at arbobi.
Hozirgi vaqtda Kamoliddin Behzod nomli Milliy rassomlik va dizayn instituti Dastgohli rangtasvir kafedrasi professori.