
“Navqiron O‘zbekiston” koʻrgazmasining asosiy maqsadi — tasviriy san’atning barcha yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan yoshlarning salohiyatini namoyon etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, ularning ijodini keng ommaga targ‘ib qilishdir. Ko‘rgazma ishtirokchilari — 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iste’dodli yoshlar bo‘lib, ular faol ijod olib borayotgan, ko‘rgazmalarda qatnashayotgan, ayrim yosh ijodkorlar uchun esa bu nufuzli ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etish — debyut hisoblanadi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelib tushgan ijodiy ishlar Ishchi guruh tomonidan saralandi va ko‘rgazmada namoyish etish uchun tavsiya qilindi.
Ekspozitsiyada 50 nafar ishtirokchining 200 ga yaqin asarlari namoyish etilgan.

Koʻrgazmaga qoʻyilgan asarlar hay’at a’zolari tomonidan baholanadi va g‘oliblar aniqlanadi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar ham belgilangan.

10 dekabr kuni tanlovning yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar Oltin, Kumush va Bronza medallari, diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Ko‘rgazma ishtirokchilariga sertifikatlar ham topshiriladi.
