2025 yil 1-iyul kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekistonning birinchi ayol fotoreportyori – Dina Xodjayevaning shaxsiy ko‘rgazmasi ochiladi. U mashhur otasi Maks Penson kabi, o‘z faoliyati bilan O‘zbekistonning tarixiy fotolavhalarning yaratilishiga oʻz hissasini qo‘shgan.
U bolaligidan fotografiya san’at olami hukmron bo‘lgan bir muhitda ulg‘aygan. Ularning uyda tez-tez otasining hamkasblari, nafaqat tor professional doiradagilar emas, balki butun dunyoga mashhur bo‘lgan do‘stlari mehmon bo‘lardilar, masalan, Sergey Eyzenshteyn va Eduard Tisse, Georgiy Zelma va Boris Kudoyarovlar. Suratga olishning texnik tafsilotlari va sharoitlarning muhokamalari haqidagi uzluksiz suhbatlar uning urushdan oldingi bolaligi va urush yillaridagi yoshlik davrining fonida o‘tardi.
Maks Pensonning ustaxonasi o‘z uyda, ya’ni oilasi bilan yashaydigan hovlida joylashgan edi, shuning uchun uning farzandlari surat tayyorlash jarayonining har bir bosqichida – negativ paydo qilishdan tortib to bosib chiqarishgacha boʻlgan jarayonda bevosita ishtirok etganlar. Dina, har tong uyg‘onganida xonaning devorlariga ilib qo‘yilgan, kechasi bosilgan fotosuratlar manzarasi qarshisida uyg‘onishini xotirlar edi. U kichikligidan fotografiya texnikasi, suratga olish materiallari va kompozitsiya asoslarini yaxshi bilgan. Uylarining javonlarida fotografiya san’atiga oid koʻplab adabiyotlar, 1930-yillarda chiqqan “Sovet fotosi” jurnallari bo‘lar edi. Uning sahifalarda otasining suratlari tez-tez chop etilib turardi.
Yoshlik chogʻlarida Dina Maksovna mashhur kinorejissyor Malik Qayumovning filmlarida assistent bo‘lib ishlagan. U suratga olish sahnalarini tashkil etishda yordam bergan, texnik masalalarni hal qilgan. Bu esa boshlovchi fotoreportyor uchun katta hayotiy va ijodiy maktab bo‘lgan. Kinotasvirga olish jarayonidagi ko‘nikma orttirish, yuzaga keladigan murakkab o‘zgarishlarga moslasha bilish qobiliyati keyinchalik uning mustaqil faoliyatida juda asqotdi.
Dina Maksovnaning hayoti mashhur hujjatli filmlar kinorejissyori, ssenarist va kinotanqidchi Fayzulla Xodjayev bilan uchrashuvdan so‘ng butunlay o‘zgarib ketdi. VGIK bitiruvchisi bo‘lgan Xodjayev – sovet kinosining buyuk namoyondalaridan biri Mixail Rommning shogirdi bo‘lib, u bilan birga Andrey Tarkovskiy, Vasiliy Shukshin, Gleb Panfilov kabi yirik kinorejissyorlar tahsil olishgan. Fayzulla Xodjayev Toshkentdagi televideniya studiyasida ishlagan, dasturlar olib borgan, maqolalar yozgan, kinotanqidchi sifatida faoliyat yuritgan. Dina va Fayzulla Xodjayevlarning ijodiy ittifoqi ko‘plab fotoreportaj va jurnalistik loyihalar bilan yaxshi natijalar bergan. Fayzullaning yozgan ocherklariga Dinaning suratlari nafis bezak bo‘lib xizmat qilgan. Xususan, 1958–1959 yillardagi Och Dashtni ya’ni cho‘llarni o‘zlashtirishga bag‘ishlangan ocherklar “Ogonyok”, “Smena” kabi nufuzli nashrlarda chop etilgan.
Ular hali 30 yoshga ham to‘lmagan bir paytda bunday katta e’tirofga sazovor bo‘lishlari, ijodiy kuchga va mustahkam ishonchga turtki bo‘lgan.
1966 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida Dinaning ota uyi, Kafanov (hozirgi Afrosiyob) ko‘chasidagi uy butkul vayron boʻladi. Buning oqibatida Maks Pensonning beqiyos fotoarxivi deyarli yer qariga gʻarq boʻladi. Biroq bu bebaho merosni saqlab qolish sharafi Dina va Fayzulla Xodjayevlarga nasib etadi. Ular yillar davomida xarobalar ostida qolgan negativ va suratlarni izlab topadilar.
Dina bu fotoarxivlarni saqlab qolish, tartibga solish va tizimlashtirish yo‘lida izchil va fidokorona mehnat qiladi. Oynali negativlarni tiklab, ulardan nazorat nusxalarini bosadi, har bir suratga aniq tavsiflar beradi. Ba’zan o‘z ijodini chetga surib qoʻyib bo‘lsa-da, 1990-yillargacha ushbu faoliyatini davom ettirdi. U bu mas’uliyatni nafaqat farzandlik burchi deb, balki butun O‘zbekiston madaniy va tarixiy merosini asrashdek yuksak vazifa deb bilgan.
Dina Maksovnaning fotografiyaga bo‘lgan muhabbati umrining oxirigacha so‘nmagan. U O‘zbekiston televideniyasi studiyasida 30 yil mobaynida fotoreportyor bo‘lib ishlagan. Bu davrda u Dmitriy Shostakovich, Aram Xachaturyan, Konstantin Simonov, Oybek, Chingiz Aytmatov, Tamara Xonim, Moskvaning “Sovremennik” teatri aktyorlari va boshqa mashhur shaxslar uning fotosyujetlarining qahramonlari boʻlganlar. Uning Botir Zokirov portreti hozirgacha ommaga keng tarqalib kelmoqda, biroq afsuski, ko‘pincha muallifi ko‘rsatilmaydi.
1970-yillardagi Yevropaga qilgan safarlari “temir parda” ortidan ilk bor G‘arb bilan yuzma-yuz kelgan sovet insonining his-tuyg‘ularini ifodalagan. Parij, London va Florensiyada tushirilgan suratlar – kinoya, yumor, chuqur kuzatuvchanlik va yangi dunyoni kashf etishga bo‘lgan ehtiros bilan to‘la edi.
Dina Xodjayevaning ijodi har doim yuksak samimiylik va axloqiy fazilatlari bilan ajralib turgan. Bugungi kunda uning suratlari go‘yo san’atkor qalbidan dunyoga uzatilgan nozik va ezgu izhori kabi namoyon boʻlmoqda. U yana bir bor bizga: fotografiya – bu “ayol jinsidagi” san’at ekanligini eslatadi.
Ildar Galeev, 2025 yil may, Moskva