HAM_NAFAS IJODIY GURUHINING “BALANS VA GARMONIYА” NOMLI KOʻRGAZMASI

ham_nafas_2025_-1HAM_NAFAS ijodiy guruhi, 2023-yilda tashkil topgan boʻlib, yosh rassom va ijodkorlarni birlashtiruvchi tashabbus sifatida, oʻz faoliyati yoʻlida ma’lum maqsad va fazifalarni qoʻygan. Jumladan: Oʻzbekiston tasviriy san’ati rivojiga hissa qoʻshish, xalqimizning rangtasvirga boʻlgan ishtiyoqini oshirish, etishib kelayotgan yosh rassomlarni tasviriy san’atga boʻlgan qiziqishini yanada kuchaytirish.

ham_nafas_2025_-2Ushbu “Balans va garmoniya” nomli koʻrgazma HAM_NAFAS ijodiy guruhining birinchi koʻrgazmasi hisoblanadi. Koʻrgazmada namoyish etilayotgan rangtasvir, grafika hamda haykaltaroshlik asarlari turli badiiy qarashlar, materiallar va ifoda uslublari orqali ichki muvozanat, ruhiy barqarorlik hamda inson va olam oʻrtasidagi uygʻunlikni tarannum etadi. Koʻrgazmada musavvirlar Dilshod Azizov, Karim Umirov, Bobur Vohobjonov, Bolatbek Ilyasov, Uktam Isirgapov, Shoira Shodieva va Sidiqbek Abdumoʻminovlar oʻz asarlari bilan ishtirok etishadi. Har bir ijodkor oʻzining betakror badiiy tili orqali “balans” tushunchasini talqin etadi – kimdur ranglar uygʻunligida, kimdur shakl yoki ritm ohangida inson ruhiyatidagi ichki muvozanatni ifodalaydi.

ham_nafas_2025_-3“Balans va garmoniya” – bu faqat koʻrgazma emas, balki hissiyotlar, harakat va sukunat, ichki va tashqi olam oʻrtasidagi munosabatni izlash sayohatidir. Tomoshabin bu makonda oʻz ruhiy ritmini tinglash, estetik tinchlikni his etish imkoniga ega boʻladi.

 

2025 yil 17 oktyabrdan 27 oktyabrga qadar davom etadi.